Fikr | O‘zbekiston yana ilmiy yetakchilikni qo‘lga kiritmoqda
Algebra vatani o‘zining yangi oltin texnologiyalar davriga ehtiyotkorlik bilan qadam qo‘ymoqda
Laziz Kudratov
2024-yil 25-iyun
Muallif — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri
IX asrda O‘zbekistonning Xiva shahrida tug‘ilgan inson bugungi kunda ilmiy-texnik taraqqiyot tayanchi bo‘lgan tizimlar — algebra va algoritmni kashf etgan edi. Al-Xorazmiyning dunyo haqidagi umumiy bilimlarimizga qo‘shgan hissasini baholab bo‘lmaydi. O‘rta asrlardagi oltin davrda O‘zbekiston Sharq va G‘arbni bog‘laydigan Ipak yo‘li ta’sirida intellektual va ilmiy taraqqiyot o‘chog‘i vazifasini o‘tagan.
O‘zbekiston ilgari ham jahonning ilmiy va texnologik munozaralariga yetakchilik qilgan va bugun mamlakatimizdagi ko‘pchilik davlatimiz global texnologiyalar hamda tadqiqotlar bozoridagi o‘z o‘rnini yana bir bor namoyon eta olishiga ishonch bildirmoqda.
Texnologiyaga yo‘naltirilgan iqtisodiyotga bo‘lgan intilishlar bir avlod avval xomxayol bo‘lib ko‘ringan bo‘lishi mumkin, ammo hozirda ular mutlaqo asosli va jozibador ko‘rinish olgan. Shiddatli bozorni isloh qilish jarayonlari, shuningdek, xususiylashtirish dasturi — bularning barchasi STEM yo‘nalishidagi oliy ta’limga kiritilgan salmoqli investitsiyalar bilan mustahkamlanib, O‘zbekiston iqtisodiyoti va investitsiya jozibadorligini zamonaviylashtirmoqda.
Qolaversa, 37 millionlik aholisining o‘rtacha yoshi 29 yoshni tashkil etuvchi mamlakatimiz tabiatan raqamli texnologiyalarga moyil bo‘lib, kelajak iqtisodiyotida texnologiyalarning qadrini yaxshi tushunadi. Mahalliy bank va kapital bozorlarining izchil rivojlanishi ham sarmoyaga ehtiyoj sezayotgan ichki startap-ekotizim o‘sishini rag‘batlantirmoqda.
Algebradan «yakkashox»lar (unicorn)gacha
O‘zbekistonning raqamli va texnologik sohalarga muvaffaqiyatli o‘tayotganini fintech, onlayn-xaridlar hamda taom yetkazib berishga ixtisoslashgan va mart oyida mamlakatning birinchi texnologik «yakkashox»iga (unicorn) aylangan Uzum startapining shiddatli muvaffaqiyati yaqqol isbotlaydi.
Agar valyuta kursining erkin suzishi va investitsiya kodeksi kabi islohotlar sur’ati saqlanib qolsa, shuningdek, YEI, IHRT (OECD) va Osiyo taraqqiyot bankining yaqinda e’lon qilingan investitsiya siyosati qo‘shma tahlili tavsiyalari amalga oshirilsa, O‘zbekistondagi 1000 dan ortiq startaplar orasidan yangi «yakkashox»lar yetishib chiqishiga barcha asoslar mavjud.
Unchalik shov-shuvli bo‘lmagan, ammo O‘zbekiston iqtisodiyotining beqiyos o‘sish yo‘nalishi — bu IT-sektorining shiddatli kengayishidir. Bunga davlat tashabbusi bilan IT Park Uzbekistan tashkil etilgani turtki bo‘ldi va natijada mamlakat o‘zini yangi IT-autsorsing yo‘nalishi sifatida namoyon eta boshladi. Markaziy Osiyo va undan tashqaridagi korxonalarni habning 0% lik korporativ soliq stavkasi kabi moliyaviy imtiyozlari hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga moslashtirilgan biznes muhiti o‘ziga jalb qilmoqda.
IT Park muvaffaqiyatining tasdig‘i sifatida shuni ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekistonda 426 ta xorijiy IT-kompaniya faoliyat yuritmoqda, bu ko‘rsatkich 2020-yilda atigi 14 tani tashkil etgan edi. Shu davr mobaynida IT-mahsulot va xizmatlar eksporti hajmi 16,3 million dollardan 344 million dollargacha oshdi.
Yangi oltin davr
Bu yerda, O‘zbekistonda, mintaqaviy texnologiya va ilm-fan habi sifatida o‘zimizni qayta kashf etishimiz taassurotli natijalar bermoqda. Biroq, islohotlar sur’ati yoki o‘zgarishlar ko‘lami mamlakatimiz qodir bo‘lgan o‘sishni ta’minlash uchun yetarli deb hisoblash soddalik bo‘lur edi. Har qancha Jahon banki «xalq farovonligi va obodligini markazga qo‘ygan» islohotlar kun tartibini e’tirof etgan bo‘lsa-da, u mamlakatning davlat ulushi yuqori bo‘lgan korxonalardan bozor iqtisodiyotiga o‘tishi «endi boshlanayotgani»ni va «so‘nggi 30 yilning aksariyat qismida iqtisodiy transformasiya sekin kechgani»ni ham qayd etadi.
Qaysidir munosabat bilan iqtisodiy islohotlar sur’atidan qoniqmaslik tabiiydir. Erishilgan erkinlashtirish bosqichlari — masalan, Ipoteka-bankning Vengriyaning OTP Banki tomonidan sotib olinishi — sezilarli foyda keltirishini ko‘rsatdi va sharhlovchilarning «Nega kechikish bo‘lmoqda?» deb hayron bo‘lishi tushunarli. Lekin bu o‘rinda ham tarix O‘zbekistonning o‘zgarishlarga bosiqlik va ehtiyotkorlik bilan yondashishini belgilaydigan mantiqni anglatadi: bu mintaqa boshqa postsovet davlatlarining iqtisodiyotni o‘tkazish tajribasini yaxshi eslaydi.
Jahon banki O‘zbekistonning «keng ko‘lamli islohotlarga kechikib kirishganini» ijobiy tomon sifatida baholab, mamlakat «butun dunyodagi boshqa o‘tish davri muvaffaqiyatlari va xatolaridan saboq olishi» mumkinligini ta’kidlaydi. Biz haqiqiy va keskin islohotlarga soyir mamlakatmiz, ammo shu bilan birga bu o‘zgarishlar tizimli, bosiq va ehtiyotkorona kechishiga qat’iy qaror qilganmiz.
O‘zbekiston yana bir bor texnologik va tijorat yutuqlari markazi sifatida qad ko‘tarmoqda va dunyo инвесторlari — Shimoliy Amerika va Yevropadan tortib Xitoy hamda Ko‘rfaz mamlakatlargacha — bunga e’tibor qaratishni boshlamoqda.