Tbilisi shahrida O‘zbekiston–Gruziya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Gruziyaga so‘nggi 23 yildagi ilk rasmiy tashrifi doirasida tashkil etildi.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Gruziya Iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri Mariam Kvrivishvili so‘zga chiqdi. Tadbirda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillaridan qariyb 300 nafari ishtirok etdi. Ular orasida Poti Free Industrial Zone, Tbilisi Free Zone, Hualing Free Industrial Zone, TBC Bank Group, Bank of Georgia, PwC, Grant Thornton, Maersk, Aramex Georgia, Softgen, DataMind, GM Pharmaceuticals va Aversi-Rational kompaniyalari ham bor edi.
Ishtirokchilarga O‘zbekistonning iqtisodiy yutuqlari, jumladan, 2025-yilda YAIMning 7,7 foizga o‘sgani taqdim etildi. Tomonlar o‘zaro savdo hajmini 268 million AQSH dollaridan 1 milliard AQSH dollarigacha oshirish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida O‘rta koridor doirasidagi logistika, 2027-yilgacha mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasi dasturi, shuningdek farmatsevtika, agro sanoat, energetika, IT va turizm sohalaridagi qo‘shma loyihalar belgilandi.
Forum yakunida ikki tomonlama hamkorlik hujjatlari imzolandi hamda B2B va G2B uchrashuvlari o‘tkazildi.
Batafsil: https://gov.uz/oz/miit/news/view/186285